u gaplarning bari boshdan-oyoq uydirmaligi Marfa Petrovna tomonidan ko‘pchilik o‘rtasida isbotlanganligi, butun shaharning ko‘z o‘ngida qizning yuzi yorug‘ bo‘lganligidan xabardor edi. Uning o‘zi ham hozir bu gaplarning bari o‘sha paytlardayoq unga ma’lum bo‘lganligini inkor qilib o‘tirmasdi. Shunga qaramasdan u Dunyani o‘ziga teng ko‘rganligini juda ham bo‘rttirib ko‘rsatgisi kelar va o‘zining bu ishga jur’at qilganligini jasorat o‘rnida ko‘rardi. U hozir Dunyaga shu haqda ta’na qilarkan, bu ta’nasi uning yuragida ardoqlab kelingan, sir tutilgan, e’zozlangan o‘sha bir fikrdan tug‘ilgan va orzulangan ediki, endilikda u nima sababdan boshqalar shu narsani tushunmasliklariga, bundan hayratga tushmasliklariga ajablanardi. O‘shanda Raskolnikovning huzuriga borgan chog‘ida u o‘ziga valine’mat deb qarab, behad minnatdorchiliklar bildirishlarini kutgan, qo‘llarinn o‘pib, yalab-yulqashlarini istagan edi. Shunday bo‘lgandan keyin mana hozir zinalardan tushib borarkan, u o‘zini haddan tashqari kamsitilgan, haqoratlangan, izzat-nafsi erga urilgan bir kimsa kabi his qilardi. Dunya bo‘lsa unga hammadan ham kerak edi; undan voz kechishni sira ham aqliga sig‘dirolmasdi. U qachonlardan beri, uzoq yillar uylanaman deb orzulab yurardi, lekin sira mavridi to‘g‘ri kelmay, pul yiqqani-yiqqan edi. Uning hammadan sir tutgan tilagi bor edi, u xushfe’l va kambag‘al (qizning kambag‘al bo‘lishi uning uchun shart edi), o‘zi juda ham yosh, juda ham istarasi issiq, olijanob va o‘qimishli,
Jinoyat va Jazo
·
Fyodor Dostoyevskiy