Aslini olganda, u ilgari ham хayolan alohida sirli hayot kechirardi. U ba’zida fikrlarini boshqalar bilan o‘rtoqlashishga urinib ko‘rardi, lekin shu choqqacha fikrlariga tushuna oladigan bironta ham ayolni, nainki ayolni, erkak kishini ham uchrata olmadi. U o‘z fikrlarini ochiq so‘zlagan paytda gapini tinglayotganlar unga taajjublanib qarardi. Hay mayli, modomiki, uning fikrlari o‘z atrofidagi odamlarga yetib bormas ekan, demak, uning o‘zi ham ulardan yuksakroqdadir. O‘zini kuchli his qilish Martinga quvonch bag‘ishlardi; u mushtlarini qisdi. Bas, hayot uning uchun muhim narsa ekan, u ham hayotdan ko‘proq ne’mat talab qilishga haqlidir, lekin faqat bu yerda, mana bu odamlar qurshovida emas, albatta.